tg-me.com/TheAliBlog/1187
Last Update:
Tahminan 2011-yillarda ilk marta youtubedan foydalanishni boshlagan bo'lsam (asosan internet kafelarda) o'sha vaqtda ham asosan inglizcha kontent tomosha qilardim. Chunki, u vaqtda o'zbekcha kontent deyarli yo'q edi ham. Shunday qilib, o'sha vaqtlardagi eng ko'p obunachilarga ega bo'lgan komedik kanal "Smosh"ga duch kelganman. 1-2ta videolaridanoq bu jamoa faoliyatiga qiziqib qolganman. Jamoa asosan sketch komediyalar olish bilan shug'ullanardi. Yanayam tushunarliroq aytsam, 3-5 daqiqa oralig'idagi vaynlar edi. (U vaqtda hali Vine platformasi ishga tushmagan va vayn so'zi muomalada yo'q edi).
Jamoa asosan 2 kishidan tashkil topgan: Ian Hecox va Anthony Padilla. Bolalikdan birga do'st bo'lgan bu yigitlar youtube yangi tashkil topgan vaqtda platformaga qiziqish bildirib, unga qo'shiqlarga ogzini qimirlatib, prikol qilib videolar joylab turishgan. Keyin sekin-sekin turli qiziqarli holatlarni sahnalashtirishgan. Yillar davomida nafaqat hazillar sifati balki suratga olish va videolar sifati ham o'sib borgan.
Keyinchalik jamoani "Defy Media" kompaniyasi sotib olib, o'zi moliyalashtirishni boshlaydi. Shunday qilib, Smosh endi moliyaviy jihatdan muammosi deyarli yo'q va bemalol ijod haqida o'ylashi mumkin edi. Jamoa safiga ham yangi qatnashchilar qo'shilib borgan va guruh formati asta-sekin o'zgarib ketgan. Shunday holatlar bilan Anthony Padilla jamoani tark etgan va mustaqil blogger sifatida faoliyatini davom ettirgan, lekin komediya yo'nalishida emas. Anthony ketganidan keyin, Ian va yangi a'zolar bilan guruh videolari oldingidek qiziqarli bo'lmay qolgandi. Shu sabab tahminan 2016-2017-yillarda guruhni kuzatishni to'xtatganman. Ungacha har Juma kuni chiqadigan yangi sketch videosini intizorlik bilan kutib yurardim.
3-4 kun oldin Youtube lentasida bir videoga ko'zim tushib, qiziqib ko'rdim. Video Smosh kanaliga yuklangan va unda Anthony va Ian qatnashgandi. Yigitlarga ko'ra, uzoq vaqtli kelishuvlardan keyin nihoyat bu ikki yigit Smosh guruhini qaytarib sotib olishgan va yana guruh egalariga aylanishgan. Va huddi "klassik Smosh" usulida, eski formatda sketchlar tayyorlashni davom ettirishmoqchi.
Ingliz tiliga qiziqsangiz va komediya sketchlari sizga yoqsa, unda albatta Youtubedagi Smosh kanalini ko'zdan kechirib chiqinglar. Oxirgi yuklangan videolari unchalik qiziq emasdir, lekin 2008-2014 oralig'idagi sketchlarini vaqt sarflab ko'rishingizga arziydi.
https://www.youtube.com/@smosh
@TheAliBlog
BY Ali. Blog

Share with your friend now:
tg-me.com/TheAliBlog/1187